1.1. Oliy ta’lim muassasalarida innovasion faoliyatni boshqarishdagi ilmiy yondoshuvlar
O‘zbekiston
Respublikasining Konstitutsiyasi va «Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunlari asosida
jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk, yuksak intellektual salohiyat, zamonaviy
bilimlarga ega, mustaqil fikrlaydigan, kelajakka ishonch bilan qaraydigan
barkamol avlodni tarbiyalash uchun jahon amaliyotida o‘xshashi bo‘lmagan
ta’limning milliy modeliga asos solingan.
Intellektual
rivojlangan va raqobatbardosh yoshlarni uzviylik va uzluksizlik tamoyillari
asosida tarbiyalash maqsadida barcha ta’lim turlari kabi oliy ta’lim tizimining
ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha davlat ta’lim standartlari,
malaka talablari, o‘quv reja, o‘quv fan dasturlari hamda o‘quv adabiyotlarining
yangi avlodi ishlab chiqilib amaliyotga joriy etildi.
Xalqaro
tashkilotlar hamda dunyoning aksariyat mamlakatlari tomonidan 2030 yilgacha
belgilangan yangi ta’lim konsepsiyasida «Ta’lim sifatini baholash jarayoni va
vositalarini takomillashtirish, erishilgan natijalarni aniqlash imkonini
beruvchi mexanizmlarni amaliyotga joriy etish» dolzarb vazifa qilib
qo‘yilmoqda».
Oliy ta’lim
muassasalarida tizimli ravishda ta’lim sifati va unga ta’sir etgan omillarni
baholash: «Davlat va jamiyat kadrlar tayyorlash tizimini uzluksiz
rivojlantirish va takomillashtirish kafili bo‘lishi zarur. Ular yuqori
malakali, raqobatga qodir mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ta’lim
muassasalarining faoliyatini uyg‘unlashtirishi lozim”ligi borasidaga o‘ta muhim
vazifalar bilan belgilangan.
Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim
sifatini boshqarishga innovasion yondashuvlarning asosiy parametrlari
quyidagilardan iborat:
bitiruvchilarning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish uchun
ta’lim sifatining yuqori darajasini ta’minlash;
ta’lim jarayonini optimallashtirish va yangi texnologiyalarni qo‘llash
orqali ta’lim xarajatlarini kamaytirish;
ta’lim jarayonini boshqarish sifatini oshirish va pedagoglar faoliyati
samaradorligini oshirish;
talabalarning ijodiy salohiyatini rivojlantirish uchun sharoit yaratish va
eng yaxshi bitiruvchilarni universitetga jalb etish;
oliy ta’lim muassasalarida innovasion madaniyatni rivojlantirish va ilmiy
va innovasion loyihalarni amalga oshirish uchun sharoit yaratish;
oliy ta’lim muassasalarining ijtimoiy mas’uliyatini ta’minlash uchun o‘quv
jarayoni boshqarishda va o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda shaffoflik va
oshkoralikni oshirish.
Innovasion yondashuvlarning asosiy maqsadi ta’lim sifatini oshirish, uning
samaradorligini oshirish hamda mehnat bozori va butun jamiyatning o‘zgaruvchan
ehtiyojlariga moslashishdan iborat. Bu maqsadlarga erishish uchun yangi texnologiyalar, metodlar va boshqaruv
vositalaridan foydalanish, shuningdek, o‘quv dasturlari va o‘qitish usullarini
doimiy ravishda takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ta’lim mazmunini doimiy ravishda isloh qilish, tayyorlanayotgan kadrlar
sifatining respublikada amalga oshirilayotgan chuqur iqtisodiy va ijtimoiy
islohotlar shuningdek, ta’lim, fan, texnika va texnologiyalar rivojlanishining
ilg‘or jahon talablari darajasiga muvofiqligini ta’minlash jamiyatning ustuvor
yo‘nalishlaridan biridir.
Innovasion yondashuv - bu
an’anaviylardan farq qiladigan yangi va o‘ziga xos g‘oyalar, usullar,
texnologiyalar, jarayonlar yoki mahsulotlarni qo‘llashga asoslangan muammolarni
hal qilishga yo‘naltirilgan yondashuvdir. U turli sohalarda, jumladan, ta’lim
sohasida sifat, samaradorlik va raqobatbardoshlikni oshirishga qaratilgan
bo‘lishi lozim.
Universitetlarda ta’lim
sifatini boshqarish sharoitida innovasion yondashuv mehnat bozori va butun
jamiyatning zamonaviy talablariga javob beradigan yangi uslub va
texnologiyalardan foydalanishni nazarda tutadi. Bu masofaviy ta’lim, interfaol
o‘quv materiallaridan foydalanish, zamonaviy o‘quv laboratoriyalarini yaratish,
talabalar bilimini baholashning yangi usullarini qo‘llash va boshqalarni o‘z
ichiga olishi mumkin.
Innovasion yondashuv
talabalarning ijodiy salohiyatini, innovasion faolligini va jamoada ishlash
qobiliyatini rivojlantirish uchun sharoit yaratishni ham o‘z ichiga oladi.
Bunga innovasion loyihalar yaratish, ish beruvchilar bilan hamkorlik qilish va
talabalarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish orqali erishish mumkin.
Oliy o‘quv yurtlarida ta’lim
sifatini boshqarishga innovasion yondashuv bitiruvchilarning samaradorligi va
raqobatbardoshligini oshirishga, shuningdek, universitetda innovasion
madaniyatni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Ta’lim tizimini boshqarishga
doir o‘ziga xos maktab yaratgan pedagog olim S.Turg‘unovning fikricha,
innovatsiya – maqsadga yo‘naltirilgan o‘zgartirishlar bo‘lib, ma’lum bir
ijtimoiy birlikka – muassasa, uyushma, jamoa va guruhlarga yangi, nisbatan
barqaror bo‘lgan elementlarni, umumiy holda halqning ma’naviy-madaniy
munosabatlari va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan uzviy
bog‘liq bo‘lgan yangiliklarni kiritishdir[1].
Pedagogika kollejlarida
innovasion jarayonlarni tizimli boshqarish muammosi bilan bog‘liqlikda tadqiqot
ishini olib borgan Sh.Zufarov tomonidan “innovatsiya” tushunchasiga
quyidagicha ta’rif berilgan: “Innovatsiya”
tushunchasi mazmunan “yangi”, “yangilik” tushunchalarining aynan o‘zi emas.
Istalgan yangilik, qachonki, amaliy faoliyatda o‘zining keng qamrovli
samarasini bersa va keng ko‘lamli ehtiyoj ob’yektiga aylansagina, tom ma’nodagi
innovatsiya deb atash mumkin bo‘ladi[2].
Bo‘lajak matematika
o‘qituvchisini innovasion faoliyatga tayyorlash nazariyasi va amaliyotini
fundamental asosda tadqiq etgan Z.Yusupova tomonidan “innovatsiya”
tushunchasiga “maqsadga qaratilgan o‘zgarish bo‘lib, qo‘llanilish sohasidagi
tizimni bir holatdan sifat jihatdan yangi holatga o‘tkazish, uni tubdan
takomillashtirish” tarzida ta’rif berilgan[3].
Yuqoridagi ta’riflarning har
biri o‘ziga xos mazmunga ega bo‘lsa-da, biroq mazkur tushunchaning
takomillashgan ta’rifini shakllantirish ehtiyoji mavjud. Ana shu asosdan kelib
chiqqan holda, biz “innovatsiya” tushunchasining quyidagi umumlashgan ta’rifini
berdik: “Innovatsiya – ob’yekt va sub’yekt faoliyatida sifat o‘zgarishlarini
ta’minlovchi, keng ommalashgan va yuqori samaradorlikka ega, an’anaviylik va
istiqbol o‘rtasida “ko‘prik” vazifasini bajaruvchi, tizimli, uzviy va uzluksiz
tarzda yangilik kiritishdir”.
Pedagogik innovatsiyalar deganda,
pedagogik yangiliklarni o‘rganish, o‘zlashtirish, ularni baholash, foydalanish
va amaliyotga tatbiq etish tushuniladi. O‘z navbatida pedagogik
innovatsiyalarning bir nechta turlari mavjud: modifisiyalashgan, tuzatish
kirituvchi, o‘zgartirish kirituvchi, lokal, modulli, tizimli va boshqalar.
Biroq pedagogik innovatsiyalarning ko‘proq umumlashgan tasnifi o‘zida quyidagi
ko‘rinishni aks ettiradi:
ta’lim va tarbiya maqsadi va
vazifalari hamda mazmuniga doir innovatsiyalar;
o‘quv-tarbiya jarayoni
metodlari, metodikasi va texnologiyasiga doir innovatsiyalar;
o‘quv-tarbiya jarayonini
tashkil etishga doir innovatsiyalar.
Pedagogik innovatsiyalar keng
qamrovli ko‘rinishga ega bo‘lib, ularning umumiy tomonidan qabul qilingan aniq
tipologiyasi yoki tasnifi mavjud emas. Innovatsiyalarni guruhlashtirishga doir
yigirmadan ortiq tasnif mavjud, jumladan uzoq muddatli innovatsiyalar va qisqa
muddatli innovatsiyalar, radikal va reformatorli, avtoritar va liberal,
inisiativ va administrativ va boshqalar.
S.Turg‘unovning fikricha, pedagogik jarayonlarni tashkil etish va boshqarishda innovasion
salohiyatiga ko‘ra yangiliklar modernizatsiya, unifikatsiya, faoliyatni
takomillashtirish, shaklan o‘zgartirish, rivojlantirish bilan bog‘liq bo‘lgan
modifikasion innovatsiyalardir, shuningdek oldindan ma’lum bo‘lgan metodlarning
elementlarini yangi tizimga birikishini nazarda tutuvchi birikkan
innovatsiyalar hamda o‘xshashlikka va
umumiylikka ega bo‘lmagan radikal innovatsiyalar innovasion jarayonlarning
asosi sifatida belgilanishi mumkin[4].
Innovatsiyalarning
xususiyatlariga ko‘ra ularni turli xil asoslar bilan turlicha tasniflash
mumkin, ya’ni bugungi kunda yangilik kiritishning tugallangan tasnifi mavjud
emas. Shu bilan birgalikda, bizning tadqiqotlarimiz doirasida aniqlangan
ma’lumotlarga ko‘ra, pedagogik jarayonlarni tashkil etishda va samaradorligini
ta’minlashda eng avvalo, yangiliklarni pedagogik jarayonlarning qaysi
bo‘g‘iniga tegishli ekanligini inobatga olish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
M.V.Klarin ta’limga innovasion yondashuvning ikkita turini ajratib ko‘rsatadi.
Birinchisi, o‘quv jarayonining an’anaviy reproduktiv yo‘nalganligi doirasida
kafolatlangan natijalarni qo‘lga kiritishga yo‘naltirilgan
modernizatsiyalashgan innovatsiyalar. Ikkinchisi an’naviy o‘quv jarayonini
qayta tashkillashtirishga yo‘naltirilgan transformatsiyalangan innovatsiyalar.
Olim birinchi yondashuvni texnologik, ikkinchisini tadqiqotchilikka doir
yondashuv deb nomlaydi[5].
V.P.Bespalko ta’lim sohasidagi innovatsiyalarni ularning
yuzaga
kelish tavsifiga ko‘ra quyidagi ikki guruhga
bo‘ladi[6]:
birinchi guruh innovasion
jarayonning barcha shart-sharoitlar tizimi, vosita va yo‘llarini to‘liq
anglamagan holda yuzaga keluvchi innovatsiyalar. Bunday turdagi
innovatsiyalarni empirik innovatsiyalar deb nomlash mumkin, bunda pedagog
innovatsiyaga o‘zining noan’anaviy tajribasi orqali boradi, tashkiliy qismi
esa, stixiyali tarzda amalga oshadi;
ikkinchi guruh ongli va maqsadga
yo‘naltirilgan faoliyat natijasi sifatida yuzaga keluvchi innovatsiyalar.
Bunday turdagi innovatsiyalarni ilmiy tashkillashtirilgan innovatsiyalar deb
atash mumkin.
Mazkur innovatsiya birinchi
turdagi innovatsiyadan o‘zining nazariy asoslanganligi, natijalarning aniq
ahamiyatga egaligi va keng ommalashganligi bilan yuqori turadi.
O.G.Xomeriki o‘quv-tarbiya jarayonining u yoki bu tarkibiy qismi bilan bog‘liqlikda
innovatsiyalarni quyidagi turlarga ajratib ko‘rsatadi:
ta’lim mazmuniga doir
innovatsiyalar;
o‘quv-tarbiya jarayoni
metodlari, metodikasi va texnologiyasiga doir innovatsiyalar;
o‘quv-tarbiya jarayonini
tashkil etishga doir innovatsiyalar;
ta’lim tizimini boshqarishga
doir innovatsiyalar[7].
V.S.Lazarev ta’limda qo‘llanilish ko‘lamiga ko‘ra innovatsiyalarni quyidagi turlarga
ajratib ko‘rsatadi:
lokal, alohida, o‘zaro
bog‘lanmagan xususiy innovatsiyalar;
o‘zaro bog‘langan, xususiy
innovatsiyalar majmuini ifoda etuvchi modulli innovatsiyalar;
butun ta’lim muassasasini
qamrab oluvchi tizimli innovatsiyalar[8].
Pedagogik innovatsiyalarni yuqorida
bayon etib o‘tilgan tasniflariga asoslangan holda, B.Xodjayev va Sh.Zufarovlar tasnifi bo‘yicha pedagogik ta’lim jarayonlarida
qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan pedagogik innovatsiyalarning quyidagi umumlashgan
tizimini hosil qilish mumkin[9]:
1. Ishlab chiqarish
munosabatlarining chuqurlashuvi bilan bog‘liqlikda innovatsiyalarni quyidagi
turlarga ajratib ko‘rsatish mumkin:
modifisiyalashgan
innovatsiyalar. Masalan, “elektron guruh
jurnallari”, “elektron
dekanat”;
tuzatish kirituvchi
innovatsiyalar. Masalan, “yangi tahrirdagi reyting Nizomi”;
o‘zgartirish kirituvchi innovatsiyalar. Masalan,
“internet-ta’lim”;
integrallashgan innovatsiyalar. Masalan, “shaxsga
yo‘naltirilgan masofaviy ta’lim texnologiyalari”.
2. Ta’lim jarayonining
tarkibiy qismlariga munosabatiga ko‘ra pedagogik innovatsiyalarni quyidagi
guruhlarga bo‘lish mumkin:
ta’lim maqsadi va vazifalari bilan
bog‘liq pedagogik innovatsiyalar. Masalan, “identiv o‘quv maqsadlarini o‘quv
vazifalariga aylantirish”;
ta’lim va tarbiya mazmuni bilan
bog‘liq innovatsiyalar.
Masalan, “ta’lim mazmunini
integratsiyalash va differensiyalashtirish”;
ta’limning shakl, metod, vosita va
texnologiyalari bilan bog‘liq innovatsiyalar.Masalan, noana’naviy dars
shakllari, interfaol metodlar;
ta’lim olganlikni tashxis etish
bilan bog‘liq innovatsiyalar. Masalan, o‘quv portfoliolari;
3. Ta’lim sub’yektlarining
shaxs shakllanishiga munosabatiga ko‘ra pedagogik innovatsiyalar quyidagi
guruhlarga bo‘linadi:
pedagog va o‘qituvchilarning ma’lum bir
qobiliyatlarini rivojlantirishga doir innovatsiyalar. Masalan, birgalikdagi
hamkorlikdagi faoliyatni rivojlantirish;
pedagog va o‘quvchilarning BKM, faoliyat usullari,
kompetentligini rivojlantirishga doir innovatsiyalar.
4.
Pedagogik qo‘llanilish sohasiga ko‘ra pedagogik innovatsiyalar quyidagi
turlarga bo‘linadi:
o‘quv jarayonida qo‘llaniladigan pedagogik
innovatsiyalar. Masalan, ta’limning axborot texnologiyalari;
o‘quv kursida qo‘llaniladigan pedagogik
innovatsiyalar. Masalan, elektron xarita;
ta’lim sohasida qo‘llaniladigan pedagogik
innovatsiyalar. Masalan, ta’limni demokratlashtirish;
ta’limni boshqarish sohasida qo‘llaniladigan
innovatsiyalar. Masalan, ta’limning davlat boshqaruvidan davlat-jamoatchilik
boshqaruviga o‘tilishi.
5. Pedagogik jarayon ishtirokchilarining o‘zaro harakat turiga ko‘ra
pedagogik innovatsiyalar quyidagi guruhlarga bo‘linadi:
jamoada o‘qitishga doir
innovatsiyalar;
guruhli o‘qitishga doir
innovatsiyalar;
tyutorlik;
fasilitatorlik;
repetitorlik.
6.
Funksional imkoniyatlariga ko‘ra pedagogik innovatsiyalar quyidagi turlarga
bo‘linadi:
shart-sharoit bilan bog‘liq, ta’limiy
muhitni o‘zgartirishni ta’minlaydigan innovatsiyalar;
mahsulot ko‘rinishidagi
innovatsiyalar;
boshqaruvga doir yangiliklar kiritish.
7.
Amalga oshirish usullariga ko‘ra pedagogik innovatsiyalar quyidagi turlarga
bo‘linadi:
rejali pedagogik innovatsiyalar;
tizimli pedagogik innovatsiyalar;
davriy pedagogik innovatsiyalar;
stixiyali pedagogik innovatsiyalar;
tasodifiy pedagogik innovatsiyalar;
o‘z-o‘zidan yuzaga keluvchi pedagogik innovatsiyalar.
8.
Makonga yo‘nalganligiga ko‘ra pedagogik innovatsiyalar quyidagi turlarga
bo‘linadi:
alohida pedagog faoliyatiga doir pedagogik innovatsiyalar;
pedagoglarning metodik birlashmasiga doir pedagogik innovatsiyalar;
alohida ta’lim muassasasi faoliyatiga doir innovatsiyalar;
tuman, shahar, viloyat, respublika miqyosidagi pedagogik innovatsiyalar;
xalqaro miqyosdagi pedagogik innovatsiyalar.
9. Ijtimoiy-pedagogik
ahamiyatiga ko‘ra pedagogik innovatsiyalar quyidagi turlarga bo‘linadi:
alohida ta’lim muassasalariga doir pedagogik innovatsiyalar;
aniq kasbiy-tipologik guruh
pedagoglariga xos pedagogik innovatsiyalar.
10.
Novatorlik tadbirlari ko‘lamiga ko‘ra pedagogik innovatsiyalar quyidagi
turlarga bo‘linadi: lokal;
ommaviy; global.
Xodjayev B.X. ta’lim-tarbiya jarayonini texnologik jarayon sifatida qarab, joriy
etiladigan yangiliklarni bu jarayonning asosiy komponentlari – ta’lim maqsadi, ta’lim mazmuni, o‘qitish metodi,
o‘qitish vositasi, ta’lim natijasi asosida guruhlashni taklif etgan[10].
1.Ta’lim maqsadi bilan bog‘liq pedagogik
innovatsiyalar: modernizatsiyalashgan ta’limiy, tarbiyaviy, rivojlantiruvchi – kasbga
yo‘naltirish, to‘ldirish,
insonparvarlashtirish, tabaqalashtirish, integrallash, indiviudallashtirish va
boshqa maqsadlarga ko‘ra innovatsiyalar.
2. Ta’lim mazmuni bilan bog‘liq pedagogik
innovatsiyalar:
miqyosiga ko‘ra – uzluksiz ta’limda, alohida
ta’lim turida, ayrim fanda, bobda, mavzuda, mavzu materialining ayrim qismida;
darajasiga ko‘ra – takomillashtirish, tubdan
o‘zgartirish, o‘zidan oldingisiga nisbatan – yangi dastur, dasturni
takomillashtiruvchi, o‘quv materialini to‘ldiruvchi; paydo bo‘lishiga ko‘ra –
me’yoriy hujjatlar o‘zgarishi asosida rejali, oldindan o‘ylangan, ichki va
tashqi innovatsiyalar.
3. O‘qitish metodi bilan bog‘liq pedagogik
innovatsiyalar:
miqyosiga ko‘ra – uzluksiz ta’limda, alohida
ta’lim turida, ayrim fanda, bobda, mavzuda, o‘quv mashg‘uloti shakli va turida;
darajasiga ko‘ra – takomillashtirish,
ko‘rinishini o‘zgartirish, ma’lum uslubiyot elementlarini yangicha talqinda
ishlab chiqish;
o‘zidan oldingisiga nisbatan – yangi,
takomillashtiruvchi, o‘rnini almashtiruvchi, to‘ldiruvchi, retro;
paydo bo‘lishiga ko‘ra – rejali, oldindan
o‘ylangan, tasodifiy, yangi talablar asosida, ichki va tashqi innovatsiyalar.
4. O‘qitish vositasi bilan bog‘liq pedagogik
innovatsiyalar:
miqyosiga ko‘ra – ommaviy, yakka, kompleks,
tizimli, uzluksiz ta’limda, alohida ta’lim turida, ayrim fanda, o‘quv
materialining ayrim qismida, o‘quv mashg‘uloti shakli, turi, ayrim bosqichida;
o‘zidan
oldingisiga nisbatan – yangi texnika, texnologiya, eskisini almashtiruvchi,
o‘rnini almashtiruvchi, retro;
darajasiga ko‘ra – modernizatsiyalashgan,
ma’lum vosita elementlari yangicha talqinda ishlab chiqilgan, tubdan
o‘zgartirilgan;
paydo bo‘lishiga ko‘ra – rejali, oldingan
o‘ylangan, tasodifiy, ichki, tashqi, texnika rivoji ta’sirida yuzaga keladigan
innovatsiyalar.
5. Ta’lim natijasi bilan bog‘liq pedagogik
innovatsiyalar:
o‘qituvchi faoliyatida – novator o‘qituvchi;
o‘quvchi faoliyatida – mustaqil fikrlovchi,
aniq maqsadga intiluvchi, ta’lim jarayoniining faol sub’yekti.
Yuqoridagi keltirilgan
tasniflarga asoslanib, aytishimiz mumkinki, ta’lim tizimidagi innovatsiyalar:
maqsad, mazmun, metod va
texnologiya, ta’limni tashkil etish shakli, boshqaruv tizimi;
pedagogik faoliyat va
o‘quv-bilish jarayonini tashkil etish uslubi;
nazorat va ta’lim olganlik
darajasini baholash tizimi;
ta’limni moliyalashtirish
tizimi;
o‘quv-metodik ta’minot;
tarbiyaviy ishlar tizimi;
o‘quv reja va o‘quv
dasturlari;
professor-o‘qituvchi va
talaba, ta’lim beruvchi va ta’lim oluvchilar faoliyatidagi o‘zgarishlar bilan
bog‘liq ravishda yuzaga kelmoqda.
Pedagogik innovatsiyalar o‘z
navbatida ta’lim jarayonini tashkil etish parametrlarining o‘zgarishiga olib
kelmoqda. Birinchidan, zamonaviy ta’lim doimiy ravishda fan va texnologiya
rivoji bilan bog‘liqlikda, ta’lim maqsadi, mazmuni, shakl, metod va
vositalarining yangilanib borishini talab qilayotgan bo‘lsa, ikkinchidan,
ta’lim muassasalari variativligining qiyosiy modellarining ko‘rsatkichlari ham
murakkablashib bormoqda.
Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, innovatsiya maqsadga
yo‘naltirilgan tashkiliy o‘zgarishlarni izlashga yo‘naltirilgan bo‘lib,
tashkilotning muvaffaqiyatli faoliyati garovi hisoblanadi. Innovatsiya amalga
oshirilishi natijasida inson resurslaridan, moliyaviy resurslardan foydalanish,
ishbilarmonlik jarayonlarini boshqarish samaradorligi, mahsulot va xizmatlar
raqobatbardoshligi ortadi .
Shuningdek, ayrim kishilar innovatsiyani ham, ixtiro kabi
asosan texnika sohasida, ya’ni texnik, tabiiy va aniq fanlar sohasida bo‘ladi,
degan noto‘g‘ri tasavvurga ega bo‘lishadi. Ammo ta’lim sohasida innovatsiyalar
– bu birinchi navbatda, yangi ijtimoiy amaliyot shakllanadigan innovasion
tafakkurning paydo bo‘lishi uchun baza hisoblanadi. Uning yordamida yangi
ijtimoiy amaliyot shakllanadi.
Innovatsiyasiz ilm bo‘lmaydi,
lekin innovatsiyani joriy etish istiqboli hamisha ham aniq bo‘lmagan murakkab
jarayon hisoblanadi. Zamonaviy innovasion iqtisodiyot xizmatlar va
texnologiyalarning ustunligini tavsiflaydi. Innovatsiyalarning butun xizmatlar
sohasiga, shu jumladan, axborotlar sohasiga o‘tkazilishi yuqori darajada
industrlashgan jamiyatning vujudga kelishida iqtisodiy rivojlanish darajasiga,
aholi turmush darajasi, iqtisodiy o‘sish sifati, dinamikasi va turiga ta’sir
ko‘rsatadaigan uzluksiz tarkibiy siljishlarning maqsadidan dalolat beradi.
[3] З.А.Юсупова.Бошланғич синфларда масалаларни
чизма ёрдамида ечишга ўргатиш. Таълим тизимида инновация, интеграция ва инги
технологиялар. YI Республика илмий-амалий анжумани материаллари, Наманган,
2021й. – 273б.
[4] С.Т.Турғунов. Умумий ўрта таълим
муассасалари директорлари бошқарув фаолиятининг назарий асослари. Монография. Ўзбекистон Республикаси Фанлар академияси “Фан” нашриёти.
200й. -200б.
[5] М.В.Кларин.Инновационные модели обучения: Исследование мирового опыта.
-М.: Луч, 2016г. – 632с.
[6]Беспалько В.П. Образование и обучение с участием компьютеров
(педагогика третьего тысячелетия) - М.: Изд-во Моск.псиxол. - социал. ин-та;
Воронеж : МОДЭК, 2002. - 352 С.
[7] О.Г.Хомерики . Информационная
поддержка инновационных процессов в образовании: прошлое, настоящее, будущее. Научно-практический
журнал «Мир», июнь-август 2011г.
[8] В.С.Лазарев . Инноватика в школе : учебное пособие для системы высшего
педагогического образования и повышения квалификации работников образования.
Екатеринбург, Сургут. Гуманитарный ун-т, 2011г. -159с.
[9] Б.Ходжаев. Модернизациялашган дидактик таъминот воситасида умумтаълим
мактаблари ўқувчиларида тарихий тафаккурни ривожлантириш. «Идея, идеология,
Педагогика, Наука и образование», Фан ва технология нашриёти, 2015й. -288б. Ш.М.Зуфаров. Педагогик инноватика. Ўқув
қўлланма.Низомий номидаги Тошкент педагогика университети нашриёти. 2013й.
[10] Ходжаев Б.Х. Янги ренессанс педагогикасининг айрим методологик
масалалари. « Инновация, интеграция и новые технологии в системе образования».
Материалы VI Республиканской научно-практической конференции. "Яшин
саноат" хусусий корхона босмахонаси, Наманган шахри, 2021й.