06.08.2025
21:51

3.1. Mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida innovasion faoliyatni boshqarishning konseptual modeli

Boshqaruv faoliyati o‘z mohiyati va tavsifiga ko‘ra jamiyat hayotida aqliy tartibga solish ahamiyatiga ega. Insoniyat fan-texnika, iqtisodiyot va ijtimoiy yutuqlarini qanchalik ko‘paytirib borsa, boshqaruv faoliyatining ilmga bo‘lgan talabi shunchalik to‘xtovsiz oshib boradi.
Boshqaruvning mohiyati – ob’yektiv va sub’yektiv sharoitlarini qo‘yilgan maqsadga erishishga imkon beradigan nisbat va munosabatda bo‘lishini ta’minlashdan iborat. Boshqaruv faoliyatidagi muvaffaqiyat esa, rahbarning ijrochilar mehnatiga bo‘lgan munosabatdan qanchalik manfaatdor ekanliklarini anglata bilishlik qobiliyatiga sezilarli darajada bog‘liqdir.
Keyingi 30-40 yildagi ilmiy-texnikaviy taraqqiyot, innovatsiyalar va modernizatsiya natijasida amaliy bilim va ko‘nikmalar bilan boyilmagan ta’lim o‘zining fundamental ahamiyatini yo‘qotmoqda. Shu nuqtai nazardan, ta’lim mazmunini shakllantirishda innovasion faoliyatni boshqarishning o‘rni ortib bormoqda.
Jahon miqyosida ta’lim sohasidagi yangi vazifalar va O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanishning yangi bosqichiga kirishi mamlakatda ta’limni rivojlantirishning yagona davlat strategiyasini shakllantirish zaruratini tug‘dirdi. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni 2020 yil 23 sentyabrida yangi tahrirda qabul qilingan bo‘lib, uning maqsadi ta’lim sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan, ta’limni innovasion boshqarishdan iborat.
Mazkur Qonunga asosan, ta’lim sohasidagi asosiy tamoyillar, ta’lim tizimi, turlari va shakllari aniq belgilab qo‘yildi, unda belgilangan masofaviy ta’lim haqidagi qoidalar, o‘quv rejalari va o‘quv dasturlariga muvofiq ta’lim oluvchilar tomonidan zaruriy bilim, malaka va ko‘nikmalarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan hamda Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda, masofadan turib olishga qaratilgan.
 Oliy ta’lim muassasalari faoliyatini innovasion boshqarish  oldida turgan istiqboldagi rejalar, ilmiy salohiyatni yanada oshirish, fan doktorlarining yoshini yoshartirish, tayanch doktorantlar hamda mustaqil izlanuvchilarning doktorlik dissertatsiyalarini o‘z vaqtida va muvaffaqiyatli himoya qilishiga erishish, iste’molchilar buyurtmalari asosida xo‘jalik shartnomalari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini yanada kengaytirish, amaliy loyihalarni, xalqaro ilmiy aloqalarni kengaytirish va chet el grantlarini yutib olish, grantlarga ko‘proq tajribali professor-o‘qituvchilarni, tayanch doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar va magistrantlarni jalb qilish, grant natijalari asosida tegishli sohalarni rivojlanishiga ilmiy asos bo‘luvchi monografiyalar, ilmiy maqolalar, tezislar, o‘quv jarayonini va o‘qitish sifatini yaxshilashga asos bo‘luvchi darsliklar hamda o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni chop etib borish, professor-o‘qituvchilarni tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslariga yuborish va uning nazoratini ta’minlash, bakalavr va magistr bosqichidagi talabalarni O‘zbekiston  Respublikasi Prezidenti stipendiyasi va boshqa nomli Davlat stipendiyalari tanlovlariga munosib tayyorlab borish OTMlarining ilmiy salohiyatini oshirish borasidagi ustuvor yo‘nalishlari bo‘lib hisoblanadi va ularning istiqboldagi ilmiy salohiyatni belgilaydi.
Innovatsiya – iste’molchilar uchun yangi qadriyatlar bo‘lib, u avvalo iste’molchilar talablariga va xohishlariga javob berishi lozim. Innovatsiya maqsadga yo‘naltirilgan tashkiliy o‘zgarishlarni izlashga qaratirilgan bo‘lib, tashkilotning muvaffaqiyatli faoliyati garovi hisoblanadi. Innovatsiyasiz ilm bo‘lmaydi, lekin innovatsiyani joriy etish istiqboli hamisha ham aniq bo‘lmagan murakkab jarayon hisoblanadi.
Hozirgi davrda ta’lim rivojlanishidagi global o‘zgarishlar ta’sirida oliy maktab tizimini faol qayta tuzish jarayoni ro‘y bermoqda. Jahon ta’lim tizimida o‘sib borayotgan raqobat sharoitida dunyo universitetlari oldida oldingi davrlarga nisbatan ancha jiddiy vazifalar paydo bo‘lmoqda. Ular nafaqat o‘quv va ilmiy ishda, balki innovatsiyalarni yaratish, iqtisodiy o‘sishga ta’sir qilish, jahonning asosiy muammolarini hal qilish sohasida ham raqobatlashishlari lozim.
 Oliy ta’lim muassasalarida innovasion faoliyatni boshqarish ta’lim jarayonining sifati va samaradorligini oshirish, ta’lim oluvchilarda ilmiy tafakkurni rivojlantirish, pedogog kadrlarning ilmiy salohiyatini oshirib borish, «ustoz – shogird» maktabi va an’analarini mustahkamlash, ilmiy izlanuvchilarning iqtidorli kelajak avlodini shakllantirish hamda ilm, fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash  orqali ta’minlanadi.
Ilm-fan muammolari iqtisodiy o‘sishga, aholi turmush darajasini yaxshilashga, ijtimoiy sohaning dolzarb muammolarini hal qilishga bevosita ta’sir etadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 oktyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan “Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”da mazkur yo‘nalishni rivojlantirish yo‘lidagi asosiy muammolar belgilab berildi:
iqtisodiyotning real sektori korxonalarining ilm-fanga e’tibori yuqori emasligi. Yurtimiz olimlarining texnologik ishlanmalari va ilmiy-tadqiqotlari natijalarini amaliyotga tatbiq etishga tarmoqlar tomonidan qiziqishning pastligi;
innovasion infratuzilmaning alohida elementlari, jumladan innovasion jamg‘armalar, texnologiyalarni joriy etish markazlari, muxandislik laboratoriyalari, texnoparklar o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikning rivojlanmaganligi;
kichik innovasion tadbirkorlik va ilmiy hajmdor mahsulotlar ishlab chiqarishning rivojlanmaganligi;
ilmiy tashkilotlarda ilm-fanni tashkil qilish, ilmiy ishlar harajatlarini prognozlashtirish va natijalarning iqtisodiy tahlilini olib borish tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yilmaganligi;
ilmiy salohiyatni rivojlantirishga xususiy sektorni jalb etish ishlarining faol emasligi;
ilmiy-tadqiqot o‘tkazadigan jamoalar, akademiklar va tadqiqotchilar o‘rtacha yoshining kattaligi;
aholi soniga nisbatan olimlar sonining kamligi. Hozirda 1 mln aholi soniga o‘rtacha 950 nafar ilmiy xodim to‘g‘ri kelmoqda;
 ilmiy-tadqiqot natijalariga mahalliy va xorijiy patentlar olish darajasining pastligi;
intellektual faoliyat natijalarini xo‘jalik aylanmasiga kiritishning iqtisodiy va huquqiy mexanizmlari rivojlanmaganligi;
ilm-fan va ilmiy faoliyatga moliyaviy resurlarning yetarli darajada yo‘naltirilmayotganligi;
ilmiy tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarning sustligi, ta’lim, fan va ishlab chiqarishning mustahkam integratsiyasi ta’minlanmaganligi;
ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini tijoratlashtirish darajasining yuqori emasligi;
oliy ta’limdan keyingi ta’lim, kvota tizimi va ilmiy daraja berishda attestatsiya jarayonlari jahon tajribasi bilan uyg‘unlashtirilmaganligi;
ilmiy tashkilotlarning asosan poytaxt atrofida markazlashganligi va hududlarda zamonaviy ilmiy laboratoriyalarning mavjud emasligi;
ilmiy bazani texnologik jihatdan jihozlash darajasining yuqori emasligi;
ilmiy tashkilotlar o‘rtasida raqobatning rivojlanmaganligi, ularning milliy reytingi va yillik baholab borish tizimi to‘liq joriy etilmaganligi. Aksariyat ilmiy tashkilotlar fan yo‘nalishlarida monopolist sifatida faoliyat yuritib, ilm-fan yo‘nalishlarida raqobatchi sifatida namoyon bo‘la olmayayotganligi;
mustaqil ilmiy ekspertlar jamoasining shakllanmaganligi. Ilmiy loyihalar muhokamasi jarayonida mahalliy olimlar jamoasidan iborat ilmiy-texnik kengashlardagi «manfaatlar to‘qnashuvi» loyihalarga berilayotgan xulosalarning xolisligi va sifatiga salbiy ta’sir qilayotganligi;
ilm-fandagi yutuqlarning yetarli darajada targ‘ib qilinmasligi. Yangi texnologiyalar va mahsulotlarni sotish mumkin bo‘lgan bozorlar haqida, shuningdek xususiy investorlar va kredit tashkilotlari uchun yuqori daromadga ega kapital kiritiladigan ob’yektlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kam targ‘ib qilinayotganligi;
olimlar tomonidan jahonning nufuzli ma’lumotlar bazalarida indeksatsiyadan o‘tgan yuqori impakt faktorli jahon jurnallarida maqolalar chop etish darajasining pastligi. Hozirda WEB of Sciense, SCOPUS kabi ma’lumotlar bazasida indeksatsiya qilinadigan xalqaro ilmiy jurnallarda chop etilgan maqolalar orasida O‘zbekistonning yalpi ulushi 0,1 foizga yaqin. O‘z ichiga 5 mingdan ortiq nashriyotlarning 22 ming nomdagi ilmiy jurnallarini olgan SCOPUS ma’lumotlar bazasi asosida  SJP (Scimago Journal&CountryPank) resursining tahlillariga ko‘ra, O‘zbekiston bitta maqolaga havolalar ko‘rsatkichi bo‘yicha jahonning 239 davlati o‘rtasida 220-o‘rinni egallab (6,52), mamlakatimizning H-index ko‘rsatkichi 86 ni tashkil etmoqda.
Fan-texnika taraqqiyoti davrida nafaqat intizomli ijrochilar, balki ijodkorlar ko‘proq talab etiladi. Asosiy hal qiluvchi rolni mustaqil o‘qishga va bilimlarni uzluksiz yaratishga qodir bo‘lgan yuqori malakali ishchi kuchi o‘ynaydi(3.1-rasm).
3.1-rasm. Jahonda ta’lim rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari
Shu boisdan ham, fan va texnika jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan bugungi kunda oliy ta’limni rivojlantirishning umumiy ta’lim davri davomiyligining ortishi, uzluksiz ta’limning  butun umr davomida zarurligi, ta’limni individuallashtirish kabi zamonaviy tendensiyalarini hisobga olish  Respublikamiz oliy ta’lim muassasalari innovasion faoliyatini boshqarishda muhim o‘rin tutadi.
Oliy ta’lim tizimida innovasion faoliyatni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishni  bir qator asosiy bosqichlarda amalga oshirish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz (3.2-rasm).